Online video darslar, kurslar va testlar - PREP.UZ

Darslarni online rejimga koʻchirish uchun 8 ta sabab

Prep.uz (Admin) 22-12-2018

Odatiy dars jarayonini online rejimga koʻchirishning qanday afzalliklari bor? Quyida darslarni online tarzda oʻtishning yaqqol ustunliklarini koʻrsatib beradigan 8 ta sababni keltirib oʻtmoqchiman.

  • 2759
  • 0


Turli fanlarni chuqurlashtirib oʻrgatishni maqsad qilib olgan oʻquv markazlari, xususiy taʼlim dargohlarini har qadamda uchratishga odatlanganmiz. Ularning koʻpligi, yoshlarga ilm ulashayotganligi juda yaxshi. Ammo menga hozirgi vaqtda oʻquv kursi yoki oʻquv markazi ochib faoliyat koʻrsatish XX asr usulida ishlashga oʻxshab tuyuladi. Biz yangi asrda yashayapmiz! Darslarni online rejimga koʻchirish, zamonaviy texnologiyalarni ilm olishimizni yanada osonlashtirish uchun ishlatish vaqti keldi.

Darslarni online rejimga koʻchirish qanday amalga oshiriladi?

Odatiy dars jarayonini tasavvur qiling: bir guruh talabalar bir xonaga yigʻilishadi, hamma jim oʻtirib oʻqituvchining berayotgan saboqlarini tinglaydi, dars davomida oʻqituvchi doskadan foydalanadi. Kerakli vaqtlarda talabalar oʻrtasida oʻzaro bahs-munozarali muhokamalar oʻtkaziladi. Biz odatlangan darslarning deyarli barchasida aynan shu amaliyotlar bajariladi. Online rejimdagi darslarda ham xuddi shu, biz odatlangan darslardagi amaliyotlarni bajarish uchun muhitni yaratish mumkin. Hammasi biz odatlanganimizdek boʻladi: talabalar bir virtual xonaga yigʻilishadi, oʻqituvchi virtual doska va boshqa qulayliklardan foydalanib dars oʻtadi, hamma istaganicha bir-biri bilan muloqotga kirisha oladi!

Odatiy dars jarayonini online rejimga koʻchirishning qanday afzalliklari bor? Quyida darslarni online tarzda oʻtishning yaqqol ustunliklarini koʻrsatib beradigan 8 ta sababni keltirib oʻtmoqchiman.

1. Tejamkorlik

Darslar online tarzda oʻtkazilsa juda koʻp narsa tejaladi. Oʻquv markazlari internet orqali faoliyat olib borishni boshlashsa qanday oʻzgarishlar boʻlishini tasavvur qilib koʻring. Ular qaysidir binoni ijaraga olib ishlatmaydi. Oʻz-oʻzidan moddiy mulklardan foydalanish boʻyicha xarajatlar tejab qolinadi. Oʻqituvchi va talabalar darsga kelish uchun yoʻl yurib vaqt sarflashmaydi. Darsga qatnashchilarning kechikib kelish holatlari bartaraf etiladi. Vaqt va asablar tejaladi.

Eng muhimi – online oʻtkaziladigan darslarda qatnashish tan narxning pastligi natijasida ancha arzonga tushadi. Odatiy oʻquv kurslariga qaraganda online oʻquv kurslarida oʻqib chiqish talabalar uchun tejamkorona qaror boʻlib qoladi.

2. Qulaylik

Ilm olish uchun qayergadir borish, buning uchun alohida sharoit yaratish zarurati qisqaradi. Darslarga uyingizdan turib qatnashishingiz mumkin boʻladi. Oʻzlashtirmoqchi boʻlgan ilmingizni uyingiz qulayligida, oʻzingiz istagan holatda qabul qilishga nima yetsin?

3. Tezkorlik

Internet orqali oʻtiladigan darslarda juda koʻp amaliyotlarni avtomatlashtirish mumkin. Odatiy darslarda kishining diqqatini, vaqtini sezilmas tarzda oʻgʻirlab qoʻyadigan uyga vazifa berish, vazifalarni tekshirish, koʻp soʻraladigan savollarga qayta-qayta javob berish, zarurat yuzasidan darslarning boʻlinishiga sabab boʻladigan holatlarga eʼtibor qaratish kabi amaliyotlar avtomatlashtiriladi.

4. Oʻzlashtirish

Online darslar yozib olinadi. Qatnashchilar istalgan vaqtda darslarni qayta koʻrib olishlari, muhokamalarni qayta kuzatishlari mumkin boʻladi. Hech qanday konspekt yozish, darsda oʻrgatilgan maʼlumotlarni unutib qoʻyish holatlari boʻlmaydi. Talabalar takrorlashni ham oʻqituvchini bezovta qilmagan holda, oʻzlariga qulay vaqtda amalga oshira olishadi. Bu imkoniyatlar, albatta, oʻzlashtirishning yuqori darajada boʻlishini taʼminlaydi.

5. Sifat

Odatiy darslarga, odatiy oʻquv markazlarining faoliyatiga istagan kishi har doim ham guvoh boʻlib baho berish imkoniyatiga ega emas. Maʼlum bir oʻquv markazida darslar qanday olib boriladi? Oʻqituvchi qanday dars oʻtadi? Darslari qiziqarli boʻladimi, yoki zerikarlimi? Oʻqituvchi fanni qanchalik mahorat bilan tushuntirib bera oladi? Online rejimda oʻtkaziladigan darslarda sinov (trial) imkoniyati odatiy sinov darslariga qaraganda koʻproq natija bera oladi. Xohlagan kishi oʻziga qulay joyda turib sinov darslarida qatnashishi / darslarni qayta koʻrib baholashi mumkin.

Oʻz-oʻzidan omma uchun ochiq boʻlgan darslar oʻqituvchiga yanada koʻproq masʼuliyat yuklaydi. Darslarning imkon qadar sifatli oʻtishiga turtki boʻladigan tabiiy muhit yaratiladi.

6. Reklama

Oʻquv markazlari oʻz kurslarini reklama qilish uchun katta miqdorda pul ajratishadi. Billboardlarda, koʻchalarda tarqatilayotgan flyerlarda, jurnallardagi eʼlonlarda bunga juda koʻp guvoh boʻlganmiz. Internet orqali reklama qilish oson. Nafaqat reklamangizni koʻproq kishiga koʻrsatishingiz mumkin, balki reklamani tanlangan auditoriyaga yoʻnaltirish imkoniyati ham bor.

Oʻquv markazlari online rejimda ish boshlasa, xizmatlarni reklama qilish borasida odatiy reklamaga nisbatan ancha samarali usullardan foydalanishlari mumkin.

7. Qoʻshimcha mashgʻulotlar

Ilm oʻrganishda takrorlashdan keyin qoʻshimcha mashgʻulotlarning ahamiyati juda katta. Qaysidir fanni oʻzlashtirishda turli usullardagi qoʻshimcha mashgʻulotlarda qatnashish oʻrganuvchi uchun ijobiy natijalar beradi. Qoʻshimcha mashgʻulotlarni avtomatlashtirsak talabalar uchun qulaylik yaratgan boʻlamiz. Har kim oʻzi xohlagan vaqtda qoʻshimcha mashgʻulot bilan shugʻullansa, uning qoʻshimcha ilm olishi kimgadir yoki nimagadir bogʻliq boʻlmasa mashgʻulotlar soni va davomiyligi ham ortadi.

8. Zamonaviylik

Qadim zamonlarda liftlarni boshqarish uchun maxsus ishchi tayinlangan. Liftga kirib qaysi qavatga chiqmoqchi ekanligingizni aytsangiz, u kishi sizni kerakli qavatga olib chiqib qoʻygan. Hozir zamon taraqqiyoti bilan bu kasb yoʻqolib ketdi. Xohlaymizmi, yoʻqmi texnologiyalar rivojlanyapti. Maktab va universitetlardagi darslar joyida qolishi mumkin, ammo oʻquv kurslari va oʻquv markazlari baribir online rejimga oʻtib ketadi. Siz kurslaringizni yoki oʻquv markazlaringizni hozir internetga koʻchirishingiz mumkin, yoki raqobatdoshlaringiz boshlab berishlarini kutishingiz mumkin. Oʻrganuvchi sifatida hozir mavjud online kurslardan dars olishingiz mumkin, yoki boshqalarning internet orqali ilm olayotgani haqida xabarlarni kuzatib borishingiz mumkin. Har qanday holatda ham texnologiyalar taʼlimga kirib keladi.

Agar Siz oʻquv markaziga ega boʻlsangiz, bugundan eʼtiboran online rejimga oʻtish uchun harakat qilishingizni tavsiya etaman. Toʻliq boʻlmasa ham qisman mashgʻulotlarni koʻchirsangiz, kelajakda online rejimga oʻtish uchun harakatni boshlasangiz boshqa oʻquv markazlaridan bir qadam oldinda boʻlishingiz mumkin.

Manba: azamat.uz

Fikrlar