Online video darslar, kurslar va testlar - PREP.UZ

2021-yil uchun jahondagi eng ilg'or 1000 ta universitet reytingi e'lon qilindi

Omina Sharipova 12-06-2020

  • 4139
  • 2

Xalqaro maydonda universitetlar reytingini aniqlovchi kuchli tadqiqot markazlaridan biri - "Quacquarelli Symonds" (QS) tomonidan bugungi kundagi eng ilg'or mingta universitet ro'yxati e'lon qilindi.

Unga ko'ra, birinchi pog'onani Massachusets Texnalogiya instituti (MIT) egallagan. Qizig'i, MIT uch yildan beri reytingda birinchilikni boy bermay kelmoqda. O'z navbatida ikkinchi va uchinchi o'rinlarni Stanford va Garvard universitetlari band etishgan.

QS reytingiga AQShning 151 ta universiteti kiritilganligi okeanorti mamlakatida oliy ta'lim qay darajada yuqori ekanligini ko'rsatadi. Shuningdek, reytingdan Buyuk Britaniyaning 84 ta, Xitoyning 51 ta, Janubiy Koreyaning 29 ta, Rossiyaning 28 ta universitetlari joy olgan.

Shuningdek, reytingga Osiyoning 293 ta universiteti kiritilgan bo'lsa, ulardan o'ntasi Markaziy Osiyo hududiga to'g'ri keladi. Ana shu o'nta oliygohning deyarli hammasi Qozog'iston universitetlaridir. Ular orasidagi eng yaxshilaridan biri - Al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti 165-o`rin bilan o'tgan yilgi natijasini anchayin yaxshilagan.

Afsuski, reytingdan O'zbekistonning birorta oliy ta'lim muassasasi o'rin olmadi. Savol tug'iladi, eng yaxshi mingtalikka kirish shunchalik qiyinmi? Buning qanday mezonlari bor? 

Ma'lum bo'lishicha, ushbu reytingga kirish uchun bir necha shartlar mavjud. Quyida ulardan eng muhimlarini keltiramiz:

- universitetdagi o'qituvchilar xalqaro miqyosda turli mukofotlarga sazovor bo'lishlari kerak;

- universitet o'qituvchi va talabalarining xalqaro ilmiy jurnallarda tadqiqotlari yuzasidan chop etilgan maqolalari salmog'i hisobga olinadi;

- universitetdagi chet ellik o'qituvchi professorlar va chet ellik talabalarning miqdori ham muhim;

- universitet bitiruvchilarining ish beruvchi kompaniyalar tomonidan ishga yollanilishi, ya'ni bitiruvchi kadrlarning sifatli ish bilan ta`minlanish darajasi, qolaversa, ularning kelajakdagi muvaffaqiyatlari o'rganiladi.

Yuqoridagi sifatlar universitetlar obro'si va nufuzi uchun eng asosiy me'zon bo'lib xizmat qiladi. Ammo bulardan tashqari yana bir jihat bor, bu ta'lim jarayonining tashkillashtirilishidir. Aynan shu omilsiz yuqoridagilarga erishib bo'lmaydi. 

So‘nggi yillarda yurtimizda ham oliy ta'lim tizimida sezilarli o'sish amalga oshirilib, davlatimiz tomonidan o'qitish jarayoni xalqaro standartlar asosida qaytadan shakllantirilmoqda. Xususan, yurtimizdagi bir nechta oliygohlar xuddi chet eldagi kabi "moodle" va kredit tizimlariga o'tkazilmoqda. Ishonamizki, xalqaro maydonda samara bergan bunday uslublar o'z natijasini ko'rsatadi. Boshqacha aytganda, O'zbekiston universitetlari ham xalqaro darajada munosib e'tirof etilishiga umid qilamiz.

Manba: BiznesRivoj

 

Fikrlar