Yoshlarni ishga qabul qilish tizimi tubdan qayta koʻrib chiqiladi.
11 aprel kuni Prezident raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan:
- 130 ming nafar talaba-yoshga 1,7 trillion so‘m ta’lim krediti berildi, xotin-qizlarning magistraturada o‘qishi bepul bo‘ldi;
- 53 ming nafar ehtiyojmand talabalarga o‘qish uchun kontrakt pullari to‘landi;
- 81 ming talabaga uy-joy ijara to‘lovi ajratildi, 15,5 ming yoshlarga harbiy xizmat uchun mablag‘ to‘lab berildi;
- 13 ming nafar yoshga chet tillari bo‘yicha sertifikat olish xarajati to‘lab berildi;
- “Yoshlar daftari” orqali 300 ming nafar yoshga qariyb 600 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.
Oʻtgan yili 11 ta davlat oliygohining 11 mingdan ziyod bitiruvchilaridan 6,5 ming nafari ishga joylashmagan. Yoki grantda oʻqigan 3 ming talaba ham ishga kirmagan. Professional taʼlimda ham, oʻtgan yili kollej va texnikumlarni 143 ming nafar yoshlar bitirgan boʻlsa, shundan 30 ming nafari ish topa olmagan.
Shu munosabat bilan bundan buyon har bir vazir tarmogʻidagi kasblarga malaka talabini oʻzi belgilashi, bunda 70 foiz kasblarga oʻrta maxsus, 30 foiziga oliy maʼlumot talab etiladigan tizim boʻlishi taʼkidlandi.
Shuningdek, vazirliklar oliygoh va kollej-texnikumlarga buyurtma berish bilan birga ularning oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Har bir vazir va viloyat hokimi yil boshida oʻzining Yoshlar bandligi dasturlarini ishlab chiqib, aholiga eʼlon qilishi va yil yakunida natijalari boʻyicha jamoatchilikka hisobot berishi belgilandi.