O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga ko‘ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti taʼsis etiladi.
· Mukofot bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar taqdirlanadi.
· Mukofot ikki yilda bir marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashining taklifiga ko‘ra uchta yo‘nalish (fundamental sohadagi tadqiqot, yoshlar o‘rtasidagi tadqiqot va iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini taʼminlagan tadqiqot) bo‘yicha beriladi.
· Har bir yo‘nalish bo‘yicha Mukofot sovrindorlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 50 ming AQSH dollari ekvivalentidagi pul mukofoti beriladi.
· Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashida Mukofot nomzodlarini ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tavsiyanomasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
· Taqdirlash uchun nomzodlar bo‘yicha takliflar O‘zbekiston matematika jamiyati tomonidan o‘tkaziladigan doimiy kuzatuvlar asosida shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.
· Mukofot sovrindoriga pul mukofotini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish 2021-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.