Online video darslar, kurslar va testlar - PREP.UZ

Uyda oʻtirib ham xalqaro olimpiadada 1-oʻrinni egallash mumkinligi isbotlandi

Omina Sharipova 05-05-2020

Yaqinda Ulugʻbek “Vremya znaniy” nomli Umumrossiya masofaviy olimpiadasida ishtirok etib “Jahon iqtisodiyoti” yoʻnalishida faxrli 1-oʻrinni egalladi

  • 1024
  • 0

Koronavirus pandemiyasi boshlangandan soʻng dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida maktablar, oliy oʻquv yurtlari yopildi. Taʼlim esa masofaviy tizimga oʻtkazildi. Shu jumladan, mamlakatimizda ham darslar onlayn tarzda olib borilyapti.

Eʼtiborlisi, mana shunday sinovli kunlarda oʻz vaqtini mazmunli oʻtkazayotgan, nafaqat masofadan turib oʻqituvchi-ustozlaridan bilim olayotgan, ularning oʻgitlarini jon qulogʻi bilan tinglayotgan, balki mustaqil izlanib, yangi marralarni zabt etayotgan yoshlarimiz soni koʻpayib bormoqda. Ulardan biri Toshkent davlat agrar universiteti “Agrologistika va biznes“ fakultetining 4-guruh talabasi Ulugʻbek Burhonovdir. Ushbu iqtidor egasi ustozi, mazkur oliy taʼlim dargohi professori Muhammadali Saidov boshchiligida oʻz izlanishlarini davom ettirmoqda. Zero, haqiqiy ustoz va shogird masofa tanlamaydi, har qanday vaziyatdan faqat ilm olish yoʻllarini topa oladi.

Bu haqda Ulugʻbekning oʻzi shunday deydi: “Hozirda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin sharoitida masofaviy taʼlim olish barobarida, ustozim professor Muhammadali Saidov bilan ilmiy izlanishlarni davom ettirmoqdaman. Xususan, ayni paytda masofaviy taʼlim (onlayn) oʻquv kurslarida qatnashyapman, xalqaro masofaviy olimpiadalarda oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazyapman, charxlanmoqdaman“.

Ulugʻbek Burhonov masofaviy taʼlim boʻyicha dunyodagi taniqli portallardan biri boʻlgan futurelearn.com saytining doimiy kuzatuvchisi, u yerda tashkil etiladigan treninglar, seminarlarning ishtirokchisidir. Oʻz navbatida AQSHdagi nufuzli universitetlar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan bepul kurslar orasidan oʻz mutaxassisligi uchun mos tushadigan “Marketing menejmenti“ yoʻnalishini tanlab, unda ham muntazam qatnashib kelmoqda. Oʻzi uchun qimmatli bilim va koʻnikmalarni olib, tafakkurini boyitib bormoqda, boʻlajak karyerasi uchun mustahkam zamin tayyorlayapti.

Oʻz navbatida bilim musobaqalarida oʻzini sinashni kanda qilmayapti. Zero, bunday intilish undagi oʻziga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilyapti. Umumrossiya fanlarning masofaviy olimpiadasi shulardan biridir.

Yaqinda Ulugʻbek “Vremya znaniynomli Umumrossiya masofaviy olimpiadasida ishtirok etib “Jahon iqtisodiyoti” yoʻnalishida faxrli 1-oʻrinni egalladi.

Uning oʻzi mazkur yutugʻi haqida shunday deydi:

Bunda ustozim professor Muhammadali Saidov ilmiy rahbarligi ostida olgan bilim va koʻnikmalarim menga katta qanot baxsh etdi. Buning uchun muallimdan cheksiz minnatdorman.

Sizlar ham bu borada oʻzingizni sinab koʻrishni istasangiz edu-time.ru sayti orqali olimpiadalarda qatnashishingiz mumkin. Barchaga muvaffaqiyatlar tilayman va albatta, yangi loyihalar yaratish yoʻlida hech qachon charchamang deb qolaman”.

Manba: Xalq so'zi

Fikrlar