Online video darslar, kurslar va testlar - PREP.UZ

Masofadan o‘qib olingan diplomlar qachon tan olinadi?

Omina Sharipova 04-08-2020

  • 636
  • 0

Ayni paytda karantin cheklovlari tufayli o‘tgan o‘quv yili aksar OTMlarda o‘qish masofaviy tarzda yakunlandi.

Yangi o‘quv yili ham onlayn boshlanishi ehtimoli yuqoriligi, sentyabr oyidan boshlab bakalavriat va magistraturaning yuqori kurs talabalari hamda akademik litseylarning 2-kurs o‘quvchilari uchun 2020/2021 o‘quv yilini masofaviy shaklda boshlash rejalashtirilayotgani ham ma'lum qilindi. Ta'limda pandemiya tufayli kuzatilgan keskin burilish endi O‘zbekistonda ham masofaviy ta'lim tan olinishi mumkin, degan taxminlarga sabab bo‘ladi.

Bu masalaga Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i Nizomjon Ishanqulov quyidagicha izoh berdi.

— «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda ta'lim turlari va shakllari belgilangan. Masofaviy ta'lim hali amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lmagani sababli xorijiy OTMlarda masofaviy ta'lim olgan fuqarolarning hujjatlari O‘zbekistonda tan olinmasdan kelinmoqda. Lekin ayni paytda amaldagi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilib, joriy yilning may oyida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan.

Yangi tahrirga ko‘ra, masofaviy ta'lim shakli ham O‘zbekistondagi ta'lim turlari ro‘yxatiga kiritilmoqda. Biroq buning o‘zi xorijda masofaviy tarzda olingan diplomlar ham tan olinadi, degan ma'noni anglatmaydi.

Sababi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilingandan so‘ng ta'limga oid qonunosti hujjatlarini unga moslashtirish ishlari olib boriladi. Bunda quyidagi ishlar qilinishi kerak bo‘ladi:

Masofaviy ta'lim shakli «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda belgilangach, mamlakat OTMlarida ham masofaviy ta'lim shakli bo‘yicha qabul kvotalari belgilanishi;

Masofaviy ta'lim mexanizmi ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi;

Qator qonunosti hujjatlar ishlab chiqilishi, mavjudlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi zarur bo‘ladi.

Davlatda masofaviy ta'lim shaklida o‘qitish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar belgilangach, xorijda olingan masofaviy ta'lim ta'lim shaklidagi hujjatni tan olish uchun normativ baza shakllanadi.

Fikrlar