Online video darslar, kurslar va testlar - PREP.UZ

Xorijiy oliy taʼlim muassasasi diplomi O‘zbekistonda tan olinishini uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

Omina Sharipova 15-08-2020

  • 2499
  • 0

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Menga konsalting firma vakillari xorijiy universitetlarga hech qanday imtihonsiz, faqat pul to‘lagan holda masofaviy yoki sirtqi o‘qishni taklif etishmoqda. Firma vakillari birinchi kursdan so‘ng hech qanday imtihonsiz o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirishim mumkinligi yoki o‘qishni tugatgach diplomim O‘zbekistonda imtihonsiz tan olinishini taʼkidlashmoqda. Ularni gapiga ishonsam bo‘ladimi?

Hozirgi paytda ayrim jismoniy shaxslar hamda konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni topshirish bo‘yicha yoshlarimiz orasida targ‘ibot tashviqot ishlarini olib borishmoqda.

Sizga taklif etilayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkiloti diplomi O‘zbekistonda tan olinishini uchun quyidagilarga eʼtibor qarating:

Avvalo, oliy taʼlim muassasasi sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi hujjati (litsenziyasi) bor-yo‘qligini tekshirish lozim.

Keyingi eng muhim talab esa taʼlim muassasasi berayotgan hujjat yaʼni diplom o‘zi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bog‘liq. Buning uchun esa oliy taʼlim muassasasi va uning taʼlim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilganini tekshirib ko‘ring.

Bundan tashqari, talabgor tanlagan OTMning o‘qitish shakli va taʼlim dasturlari O‘zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o‘rganishi kerak. Masalan, amaldagi "Taʼlim to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, bakalavriat kamida 4 yil, sirtqi taʼlim kamida 5 yil, magistratura esa kamida 2 yil muddat qilib belgilangan.

Shuningdek, pandemiya sababli yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonlari masofaviy shaklda tashkil etilgani niqobi ostida ko‘plab konsalting tashkilotlari o‘z reklamalarida "diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi" kabi asoslanmagan maʼlumotlar bilan masofadan taʼlim beradigan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini targ‘ibot qilishmoqda.

Bu esa respublikamiz fuqarolariga noto‘g‘ri maʼlumotlar taqdim etilishiga va mazkur tarzda o‘qib olingan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda amaldagi qonunchilikka muvofiq tan olinmasligiga olib keladi hamda fuqarolarning eʼtirozlariga sabab bo‘ladi.

👉 Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, mazkur masala bo‘yicha abituriyentlar yoki ularning ota-onalari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining telegram boti (@Uztdibot) murojaat qilib, mutaxassislardan javob olishlari mumkin. Bugungi kunga qadar mazkur masala yuzasidan telegram botga murojaat qilgan 20 ming nafardan ortiq fuqarolarimizga javob qaytarildi. Ularga tegishli tavsiyalar berildi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yuqoridagi tavsiyalarga asosan Sizga taklif qilinayotgan oliygoh haqidagi maʼlumotlarni yaxshilab o‘rganib keyin qaror qabul qiling.

Fikrlar